Ramazon muborak
Umr shoshqin daryo ekan, soy ekan,
Bu oy "Qur'on" nozil bo'lgan oy ekan,
Ro'za tutgan zot iymonga boy ekan,
Mo'min-musulmonlar, ro'za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.

Ro'za bizga yordam qo'lin uzatmish,
Takabburlar axloqini tuzatmish.
Rasululloh yig'lab uni kuzatmish,
Mo'min-musulmonlar, ro'za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.

Miskinlarni boy yedirib ichirsin,
Arazlashgan bir-birini kechirsin,
Olloh olov kamzullarni yechirsin,
Mo'min-musulmonlar, ro'za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.

Bo'lsang uyda, xoh dalada, adirda,
Uxlab yotma sen Laylatul-qadrda.
Bu tun hatto ruhlar yotmas qabrda,
Mo'min-musulmonlar, ro'za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak.

Ro'zamizni Olloh uchun tutaylik,
Bu dunyodan Iymon bilan ketaylik,
Mangu xuzur-xalovatga yetaylik,
Mo'min-musulmonlar, ro'za muborak!
Qabul qilsin Subhon Olloh Taborak!

Xoldor Vulqon
. Bosh sahifa
NeTusTa.Ga