Lafz
Kelaman, deydi u, lekin kelmaydi,
Kutaman, deydi-yu kutmaydi bu ham.
Qizig'i, hech kimsa uyat bilmaydi,
Qizig'i, hech kimga qilmaydi alam.

Bosh ustiga, deydi, ichadi qasam,
Yigit so'zim, deydi, albatta, ishon!
Yolg'onni biladi ikki taraf ham,
Ishongandek tutar ikkala tomon.

Sevaman, deydi u, gulim, azizam,
Sizsiz yasholmayman, jonim, deydi bu.
O'zgaga uylanib ketar xotirjam,
Qizgina ham ortiq chekmaydi qayg'u.

Bu ham bir kasallik – lafzsizlik degan,
Tartib shu: pand berib, tugal pand yeysiz.
Milyon yil kechikmay vaqtida kelgan
Fasllar chalkashib ketsa, ne deysiz?

Qovog'ingiz soliq: mavzu-ku dolzarb,
SHoir ne sababdan kechikib yozdi?
Men allaqachonlar yozgandim, rost gap,
Va'daboz muharrir kechikib bosdi.

Iqbol Mirzo
. Bosh sahifa
NeTusTa.Ga